Prezident mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi raisi Pere Joan Pons Sampyetroni qabul qildi.
Uchrashuvda YXHT va uning Parlament assambleyasi bilan hamkorlikni, jumladan, parlamentlararo muloqotni yanada rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Ushbu nufuzli tuzilma bilan aloqalarning ijobiy surʼati mamnuniyat bilan qayd etildi. YXHT Parlament assambleyasida Oʻzbekistonning doimiy delegatsiyasi faoliyat yuritmoqda, assambleya vakillari mamlakatdagi saylovlarni kuzatish jarayonlarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Ekologiya, migratsiya va transport sohalarida konstruktiv muloqot yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston vakili assambleyaning Migratsiya boʻyicha maxsus qoʻmitasi tarkibiga kiritilgan.
Xalqaro masalalar, jumladan, Markaziy Osiyoda mintaqaviy sheriklikni rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashildi.








