O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Myanmada ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jabrlangani munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi.
O‘zbekistonning Bangkok shahridagi (Tailand) Bosh konsulxonasining ma’lum qilishicha, maktub Myanma davlat boshqaruvi kengashi raisi general Min Aung Hlaingga jo‘natilgan.
“Davlatimiz rahbari ushbu og‘ir va musibatli damlarda qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va barcha yaqinlariga, Myanma xalqiga chuqur ta’ziya va hamdardlik izhor etdi”, — deyiladi xabarda.
Myanma rasmiylari 28-mart, juma kuni sodir bo‘lgan 7,7 va 6,4 magnitudali vayronkor zilzilalar oqibatida 1644 kishi halok bo‘lgani va 3408 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. Shuningdek, 139 kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan.