2026 yil 12-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 3,4 million tonna paxta xomashyosi yig‘ib olindi. Bu joriy yil hosili uchun klaster va fermerlar uchun belgilangan 4,5 million tonnalik shartnomaviy ko‘rsatkichning 76 foiziga teng. Bu haqda Qishloq xo'jaligi vazirligi xabar qildi.
Ayni paytda 848 ming tonna paxta qo‘l terimi orqali yig‘ib olingan bo‘lsa, 2,6 million tonna hosil yuqori unumli paxta terish mashinalari yordamida yig‘ib olindi. Ya’ni, umumiy terim hajmining 75 foizi mexanizatsiyalashgan terim hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Qo‘l terimi orqali yig‘ilgan paxtaning 174 ming tonnasi paxta dalalarning chetlarini mexanizatsiyaga tayyorlash, ya’ni terim mashinalariga qayrilib olishi uchun sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lsa, fermerlar va agroklast erlarning ishchilari tomonidan 674 ming tonna paxta terim mashinalari kira olmaydigan kichik konturlardan terib olingan. Kelgusida bu konturlarni ham kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Terim mavsumida jami 3 mingga yaqin yuqori unumli paxta terish mashinasi ishga jalb etilgan bo‘lib, bugungi kunda ularning barchasi dalalarda faoliyat olib bormoqda. Shundan, joriy yil fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga lizing asosida 1 mingdan ziyod zamonaviy paxta terish mashinalari yetkazib berildi.
Bu terim jarayonlarini mexanizatsiyalash, texnik imkoniyatlarni kengaytirish va hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib olishga xizmat qilmoqda.
Kunlik natijalar ham terim sur’ati yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, 12-oktyabr kuni paxta terish mashinalari yordamida 147 ming tonna paxta xomashyosi terib olindi. Bir kunda bitta paxta terish mashinasiga o‘rtacha 50 tonnadan hosil to‘g‘ri keldi.









