Shavkat Mirziyoyev o’zbek xalqini 21-oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabrikladi:
Muhtaram vatandoshlar!
Siz, azizlarni jonajon yurtimizda keng nishonlanayotgan qutlug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Hech shubhasiz, azaliy qadriyatlarimiz gultoji bo‘lgan ona tilimiz asrlar sinovidan bezavol o‘tib kelayotgan buyuk va bebaho ma’naviy boyligimizdir.
Mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish masalasini biz milliy o‘zligimizni anglash, millat ruhini saqlab qolish, yorug‘ kelajagimizni ta’minlashning eng muhim omili, deb bilamiz. Shu ezgu maqsad yo‘lidagi amaliy harakatlarimiz tufayli jamiyatimiz hayotida davlat tilining qo‘llanish doirasi tobora kengayib, u xalq dilining chinakam ko‘zgusiga aylanmoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda o‘zbek tili nufuzli xalqaro anjumanlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan muntazam yangrab kelayotgani barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlash bilan birga, dunyoda ona tilimizni o‘rganishga intilayotgan insonlar safini ham tobora kengaytirmoqda.
Hurmatli yurtdoshlar!
Bugungi quvonchli ayyomda jahondagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tilining obro‘-e’tibori va nufuzini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz haqida so‘z yuritib, kelgusidagi muhim vazifalarimizni belgilab olishimiz tabiiydir.
Bu haqda gapirganda, avvalo, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati zamon talablari asosida tashkil etilib, barcha sohalarda davlat tilida ish yuritish sifatini yaxshilash, xususan, axborot-kommunikatsiya yo‘nalishida uni faol qo‘llash borasida ijobiy natijalarga erishilayotganini ta’kidlash lozim.
Ma’lumki, har qanday tilni o‘rganish va rivojlantirishda, birinchi navbatda, uning nazariy-metodik asoslari katta o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, keyingi yillarda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Alisher Navoiy qomusi”, “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”, “Falsafa” qomusiy lug‘ati, “O‘zbekiston yuridik ensiklopediyasi”, “Islom ensiklopediyasi”, “Ma’naviyat: asosiy tushunchalar lug‘ati”, “Pedagogika: ensiklopediya”, “Tarix atamalari lug‘ati”, “Adabiyotshunoslik lug‘ati”, “Yuridik atamalar lug‘ati” kabi 40 dan ziyod fundamental kitoblar nashr etilgani bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi.
Shular qatorida o‘zbek tilining elektron milliy korpusi va dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalarini yaratish, o‘zbek tilini Internet tarmog‘ida ommalashtirish va munosib o‘rin egallashini ta’minlash, davlat tilini o‘rgatishga hamda matn tahririga mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha ham jiddiy ishlar olib borilayotganini qayd etish zarur.
Mamlakatimizda o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash hajmi hamda ilmiy tadqiqotlar soni ortib bormoqda. Hozirgi kunda jami 33 ta oliygohda ushbu mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida 7 ming nafardan ziyod fan nomzodlari va doktorlari, professor-o‘qituvchilar o‘zbek tili va adabiyotidan dars bermoqda.
Agar 1992–2012-yillarda, ya’ni 20 yil mobaynida bu ixtisoslik bo‘yicha 730 ta ilmiy ish himoya qilingan bo‘lsa, so‘nggi 10 yilda bu raqam 792 tani tashkil etdi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘rgatish va malaka oshirish markazida vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari o‘zbek adabiy tili me’yorlari va imlo qoidalari bo‘yicha muntazam o‘qitilmoqda.
Universitetda tashkil etilgan “O‘zbek maktabi”da esa yuzlab xorijlik fuqarolar ona tilimiz va milliy madaniyatimiz asoslarini katta qiziqish bilan o‘rganmoqda. Bu borada keyingi yillarda nashr etilgan o‘zbekcha-xitoycha, o‘zbekcha-inglizcha, o‘zbekcha-fransuzcha, o‘zbekcha-nemischa, o‘zbekcha-arabcha, o‘zbekcha-forscha lug‘at va so‘zlashgichlar muhim rol o‘ynamoqda.
Lotin grafikasi asosidagi alifbomizni takomillashtirish ishlari ham davom etmoqda. Ushbu masala yuzasidan xalqimiz, jamoatchiligimiz tomonidan bildirilgan barcha taklif va tavsiyalar jiddiy o‘rganilib, muhokamadan o‘tganidan so‘ng tegishli qonun loyihasini yana bir bor ko‘rib chiqib, parlamentga kiritish maqsadga muvofiqdir.
Aziz do‘stlar!
Biz davlat tili taraqqiyotini jahondagi yetakchi xorijiy tillar va mamlakatimizdagi turli millat vakillarining tili va madaniyatini rivojlantirish bilan bog‘liq holda ko‘ramiz.
Bugungi kunda yurtimizda ta’lim 7 tilda olib borilmoqda. Respublikamizdagi mavjud 1453 ta ommaviy axborot vositasi hamda yuzlab veb-saytlar orqali qoraqalpoq, rus, qozoq, tojik, turkman, koreys, turk, arab, ingliz, nemis va boshqa tillarda ham materiallar e’lon qilinmoqda.
Biz O‘zbekistonni tenglik, do‘stlik va bag‘rikenglik diyoriga aylantirish maqsadida turli millatga mansub fuqarolarimizning til sohasidagi huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
O‘tgan asr boshlarida ma’rifatparvar jadid bobolarimiz “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu g‘oya asosida maydonga chiqib, xalqimizni mustamlaka zulmidan xalos qilish, uni zamonaviy ilm-fan, kasb-hunar va madaniyatga oshno etish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirgan edilar.
Ana shunday mushtarak maqsadlar, umummilliy birlik va ahillik bugun biz uchun har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi o‘ta keskin va tahlikali zamonda faqatgina shu asosda o‘z milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qilishga, jumladan, ona tilimizni asrab-avaylash va boyitish, uni ilm-fan, iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot, axborot-kommunikatsiya, diplomatiya va boshqa muhim yo‘nalishlarda ta’sirchan muloqot vositasiga aylantirib, taraqqiyot sur’atlariga uyg‘un holda rivojlantirishga, xalqaro nufuzini munosib darajaga ko‘tarishga erisha olamiz.
Binobarin, ulug‘ shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, “Ona tili – umummillat mulki. Demak, til oldidagi mas’uliyat ham umummilliy bo‘lib, bu yolg‘iz tilshunoslarning emas, butun millatning ishi” ekanini doimo yodda tutishimiz lozim.
Fursatdan foydalanib, ana shu haqiqatni chuqur anglab, bu yo‘lda sidqidildan xizmat qilayotgan, o‘zbek tilining haqiqiy fidoyisi va do‘sti bo‘lgan barcha zahmatkash va jonkuyar insonlarga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
Qadrli vatandoshlar!
Siz, azizlarni, butun xalqimizni 21-oktаbr – O‘zbek tili bayrami bilan yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik tilayman.
Mana shunday buyuk ma’naviy boylikni yaratgan xalqimiz doimo omon bo‘lsin!