O‘zbekiston va Tailand ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz safarlar to‘g‘risidagi bitimni imzolashga kelishdi. Hozirgi vaqtda mazkur hujjat matni Tailand tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar bermoqda O‘zbekiston TIV.
Vazirlik qayd etishicha, may oyidan boshlab O‘zbekiston fuqarolarining Tailand hududiga tashrif buyurishi uchun “qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan faol diplomatik sa’y-harakatlar” amalga oshirib kelinmoqda.
TIV, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari Tailand elektron vizalarini rasmiylashtirishda duch kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan ham izchil diplomatik ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonning Tailanddagi Bosh konsulxonasi Tailand TIV hamda Turizm va sport vazirligi bilan muntazam ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Tailandning Moskva shahridagi diplomatik vakolatxonasi bilan yaqin hamkorlikni amalga oshirmoqda, deyiladi xabarda.










