2024 yilning 27 oktyabr kuni Vashington shahrida Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasining yillik yig‘ilishi doirasida Jahon banki, Jaxon savdo tashkiloti (JST) va Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lish yo‘li: islohotlar va global integratsiya” mavzusida yuqori darajali davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Jahon banki vitse-prezidenti A.Bassani, JST Bosh direktori o‘rinbosari J.Xill, AQSH Savdo vakili o‘rinbosari B.Linch, AQSH-O‘zbekiston savdo palatasi raisi K.Lemm, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, AQSH Prezidenti Adminstratsiyasi va Davlat departamenti, Qozog‘iston savdo vazirligi hamda amerika yetakchi xususiy sektor kompaniyalari, shu jumladan yuridik va savdo birlashmalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishi doirasida amalga oshirayotgan muhim islohotlari, shuningdek ko‘p-tomonlama savdo tizimi va global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga qo‘shilish masalalari muhokama qilindi.
Ochilish marosimida Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani, JST bosh direktori o‘rinbosari Yoxanna Xill so‘zga chiqishdi. Ular O‘zbekiston so‘nggi yillardagi tashkilotga aʼzo bo‘lish jarayonida muhim natijalarga erishganini qayd etishdi. Jahon banki va JST vakillari O‘zbekistonning saʼy-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi va yaqin kelajakda mamlakatning JSTga aʼzo bo‘lish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonch bildirdilar.
O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va strategik islohotlarga hamda JSTga aʼzolik ushbu tub o‘zgarishlarning ajralmas bir qismi ekanligiga urg‘u berib, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar va ularga erishish rejalari bilan tanishtirdi. Mazkur saʼy-harakatlar mamlakatning xalqaro miqyosida raqobatbardoshligini oshirishga qaratilganini taʼkidladi.
O‘z navbatida, O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lish bo‘yicha bosh muzokarachisi Azizbek Urunov mamlakatimizning JSTga aʼzo bo‘lish talablarini bajarish va aʼzolik jarayonining borishi yuzasidan erishgan natijalar va oldinda turgan rejalar haqida maʼlumot berdi.
2023 yildan buyon muzokaralar jarayoni sezilarli darajada jadallashib, Ishchi guruhning uchta yig‘ilishi o‘tkazildi, to‘rtinchisi esa 2024-yil dekabrida o‘tkazilishi reja qilingan.
Yig‘ilishda qonunchilikni modernizatsiya qilish, shaffoflikni oshirish va milliy qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasidagi saʼy-harakatlar hamda xalqaro hamkorlar tomonidan qo‘shimcha yordam talab qilinadigan sohalar tahlillari muhokama qilindi.
Mazkur davra suhbati O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishining afzalliklari haqida ekspertlar va rasmiylar o‘rtasida fikr almashish uchun platforma bo‘lib xizmat qildi. Muhokamalar chog‘ida O‘zbekistonning islohotlari jahon savdosidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi, shuningdek, sarmoya jalb etish va iqtisodiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlar ochishi alohida taʼkidlandi.
Asosiy maʼruzachilar orasida AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha Savdo vakili o‘rinbosari Brendan Linch AQSH hukumatining to‘liq siyosiy va texnik yordamini tasdiqladi; Jahon bankining Global savdo bo‘yicha direktori Mona Xadad, O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi uchun olib borilayotgan islohotlar muhimligini; XVJning O‘zbekistondagi vakili Koba Gvenetadze esa iqtisodiy o‘zgarishlarning mamlakat barqaror rivojlanishiga ijobiy taʼsirini taʼkidladi; va White&Case kompaniyasi hamkori, Amerika-O‘zbekiston Savdo palatasi raisi Kerolin Lamm xususiy sektor xususidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va biznes istiqbollari muhimligini alohida qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Furqat Sidiqov O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishidagi ijobiy dinamikaga eʼtibor qaratdi.
Bundan tashqari, XVJ va Jahon banki vakillari O‘zbekistonni JSTga aʼzo bo‘lganidan keyin kutilayotgan muhim iqtisodiy imkoniyatlarni taʼkidladilar. Ular tashkilotga aʼzo bo‘lishdan O‘zbekiston 5-7 yil ichida mamlakat yalpi ichki mahsulotining qo‘shimcha 17 foizga o‘sishiga olib kelishi mumkinligini hisoblab, xizmatlar sohasini bu o‘sishning asosiy omillaridan biri sifatida qayd etishdi.
Xizmatlar sohasini rivojlantirig, ayniqsa, dengizga chiqa olmaydigan O‘zbekiston kabi davlatlar uchun o‘ta muhimligiga alohida urg‘u berildi.
Qozog‘iston sobiq vaziri va bosh muzokarachisi, hozirda Savdo va integratsiya vazirining maslahatchisi Janar Aitjanova Qozog‘istonning JSTga aʼzo bo‘lishining ijobiy natijalarini to‘g‘risidagi tajribasi bilan bo‘lishdi.
Xususan, J.Aitjanova xizmatlar sohasida savdo taqchilligi sezilarli darajada qisqargani, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar 70 foizdan ko‘proqqa oshgani, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solishning samarali tizimi yaratilgani xalqaro bozorlarda Qozog‘iston milliy mahsulotlarining sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilganini taʼkidladi. U JSTga aʼzo bo‘lishga tayyorgarlik jarayonida amalga oshirilgan islohotlar uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish uchun asos bo‘lganini taʼkidladi.
Yakunda davra suhbati ishtirokchilari islohotlar va integratsiya yo‘lidagi salmoqli muvaffaqiyatlarni qayd etib, 2026 yilda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishi jarayonini yakunlash maqsadida hamkorlikni yana-da mustahkamlash muhimligini qayd etishdi. Iqtisodiyotni yana-da erkinlashtirish, shaffoflikni oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sish va investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan davlat islohotlarini davom ettirishda barcha hamkorlar O‘zbekistonni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini taʼkidlashdi.