Tadbir 1500 dan ortiq soha yetakchilari, texnologiya ekspertlari, hamkorlar va soha mutaxassislarini turli sektorlarda raqamli transformatsiyaga hissa qo‘shadigan ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish uchun birlashtiradi.
2025-yil 19-may kuni Toshkentda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “Huawei Tech Carnival & Partner Summit 2025” flagman mintaqaviy tadbirining ochilishi bo‘lib o‘tdi. "Intellektual dunyoni jadallashtirish" umumiy mavzusidagi tadbir Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilib, 1500 dan ortiq soha yetakchilari, davlat sektori vakillari va texnologiyalar sohasidagi ekspertlarni mintaqaning raqamli transformatsiyasida intellektual texnologiyalar imkoniyatlarini o‘rganish uchun birlashtirdi.
"O‘zbekiston o‘zida boy tarixiy meros va zamonaviy innovatsiyalarni birlashtiradi," - dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochilish marosimida. "Ushbu tadbir raqamli rivojlanishning mintaqaviy markaziga aylanish istagimizni ifodalaydi. Huawei kabi texnologiya sohasidagi jahon yetakchilari bilan hamkorlik qilib, biz farovon raqamli kelajak uchun zarur bo‘lgan infratuzilmani yaratmoqdamiz."
Huawei kompaniyasining Katta vitse-prezidenti va Huawei Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Filipp Gan o‘z nutqida kompaniyaning mintaqani intellektual o‘zgartirish bo‘yicha qarashlarini bayon qildi. "So‘nggi 30 yil ichida biz uchta yirik texnologik o‘zgarishning guvohi bo‘ldik - All IP dan All Cloud ga, endi esa All Intelligence ga, - dedi janob Gan. - "Biz butun dunyo bo‘ylab mijozlar va hamkorlarga strategik imkoniyatdan foydalanishga yordam berish hamda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarida turli sohalarning intellektual transformatsiyasini birgalikda amalga oshirish uchun Huawei kompaniyasining AKT sohasidagi tajribasini qo‘llashga intilamiz."
Janob Ganning ta’kidlashicha, mintaqada muvaffaqiyatli raqamli transformatsiya uchun beshta asosiy element zarur: raqamli infratuzilmaning asosi sifatida aloqa, hisoblash, bulutli platformalar, shuningdek, yashil rivojlanish va farovon ekotizimni yaratish. Uning ta’kidlashicha, Huawei Global Digitalization Index (GDI) ma’lumotlariga ko‘ra, raqamli infratuzilmaga sarflangan har bir dollar davlatlarga raqamli iqtisodiyotda 8,3 AQSH dollari miqdorida daromad keltiradi.
Ushbu elementlarning amaliy qo‘llanilishi “Tech Carnival” tadbirining 50 dan ortiq ko‘rgazma maydonlarida namoyish etilmoqda. Ishtirokchilar sun’iy intellektga asoslangan tarmoqlar, yangi avlod bulutli arxitekturalari, optik texnologiyalar, ma’lumotlarni saqlashning intellektual tizimlari o‘zaro qanday ishlashini, kompleks raqamli yechimlarni yaratishini ko‘rgazmali ravishda ko‘rishlari mumkin. Keltirilgan misollar tashkilotlar barqarorlik va samaradorlikni saqlab qolgan holda sun’iy intellektning o‘zgartiruvchi kuchidan qanday foydalanishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Kompaniyaning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqalaridagi “Huawei Enterprise Business” bo‘linmasi prezidenti Derek Xao Huawei’ning hamkorlikka sodiqligini tasdiqladi: "Intellektual dunyoni yolg‘iz qurib bo‘lmaydi. Bugungi tadbir bozorning haqiqiy ehtiyojlariga javob beradigan yechimlarni birgalikda yaratayotgan 3700 dan ortiq mintaqaviy hamkorlarimizdan iborat ekotizimimizga bag‘ishlanadi."
Ko‘rgazma bilan birga o‘tkazilayotgan “Huawei Partner Summit”iti doirasida hamkorlikning yangi formatlari taqdim etildi va taniqli hamkorlarning mintaqaning raqamli rivojlanishiga qo‘shgan hissasi qayd etildi. Shuningdek, davra suhbatlari o‘tkazilib, unda biznes rahbarlari sun’iy intellekt, bulutli xizmatlar va raqamli infratuzilma istiqbollarini muhokama qilmoqdalar.
Huawei’ning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi texnologik namoyishlar doirasidan tashqariga chiqadi. Kompaniya mintaqadagi mahalliy universitetlar negizida AKT Akademiyasini ochib, har yili minglab mutaxassislarni o‘qitish imkoniyatini taqdim etdi. "T.H.E Gold Talent Program" kabi tashabbuslar tufayli Huawei yaqin yillarda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqalarida bir million raqamli mutaxassislarni tayyorlashni rejalashtirmoqda.
"Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari raqamli, intellektual va yashil transformatsiyani faol ilgari surmoqda. Mintaqa raqamli kelajak sari borar ekan, Huawei kompaniyasi bu yangilanishda ishonchli hamkor bo‘lib qoladi, raqamli bo‘shliqni bartaraf etishga yordam beradi va barcha uchun barqaror farovonlikni yaratadi," - deya xulosa qildi janob Filipp Gan.
“Huawei Tech Carnival & Partner Summit 2025” 19-20-may kunlari bo‘lib o‘tadi, u tarmoq texnologiyalari, bulutli infratuzilma, optik yechimlar, sun’iy intellekt davriga moslashtirilgan ma’lumotlarni saqlash tizimlaridagi innovatsiyalar bo‘yicha bir qator ixtisoslashtirilgan forumlarni birlashtiradi.
Tadbir haqida batafsil: https://e.huawei.com/ae/events/2025/ae/tech-carnival.