1997-yilda ishga tushirilgan zavod mamlakat yoqilgʻi-energetika tarmogʻida muhim oʻrin tutadi. Korxona yiliga 2,5 million tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlash loyihaviy quvvatiga ega. Bu yerda avtobenzin, dizel yonilgʻisi, aviakerosin va boshqa turdagi neft mahsulotlari ishlab chiqariladi. Zavodda 3,2 mingdan ziyod kishi mehnat qilmoqda.
Taqdimotda korxonaning ishlab chiqarish va moliyaviy koʻrsatkichlari haqida axborot berildi. Joriy yilning toʻqqiz oyida 1,5 million tonnadan ziyod xomashyo qayta ishlanib, qariyb 1,5 million tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Sof foyda 2,2 trillion soʻmni tashkil etgan.
Yil yakuniga qadar xomashyoni qayta ishlash hajmini 2,17 million tonnaga, neft mahsulotlari ishlab chiqarishni esa 2,12 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Korxonani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yuqori sifatli yoqilgʻi turlarini oʻzlashtirishdir.
Xususan, zavodda Yevro-5 ekologik standartiga javob beradigan AI-92 va AI-95 rusumli avtobenzin ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha qiymati 328 million dollarlik loyiha ishlab chiqilgan. Uning doirasida mavjud texnologik jarayonlarni takomillashtirish va yangi ishlab chiqarish qurilmalarini barpo etish koʻzda tutilgan.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga 1,1 million tonna Yevro-5 standartidagi avtobenzin ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, import qilinadigan yoqilgʻi qoʻshimchalari xarajatlaridan yiliga 150 million dollargacha mablagʻ tejalishi va 200 ta yangi ish oʻrni tashkil etilishi kutilmoqda.
Rejaga koʻra, loyihani 2029-yilning ikkinchi choragida ishga tushirish moʻljallangan.
Taqdimotda zavodning ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kengaytirish boʻyicha istiqbolli loyiha ham koʻrib chiqildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, qiymati 1,8 milliard dollar boʻlgan ushbu loyiha doirasida neftni zamonaviy qayta ishlash va neft-kimyo texnologiyalarini joriy etish, yangi texnologik qurilmalarni barpo qilish rejalashtirilgan.
Natijada zavodda ishlab chiqariladigan neft mahsulotlarining umumiy yillik hajmini hozirgi 2,1 million tonnadan 4,6 million tonnaga yetkazish imkoniyati paydo boʻladi. Jumladan, avtobenzin ishlab chiqarish 2,7 million tonnaga, dizel yonilgʻisi 1,24 million tonnaga, aviakerosin 500 ming tonnaga yetkazilishi koʻzda tutilgan.
Loyihani amalga oshirishda Xitoy, Fransiya, AQSh va Ozarbayjonning yetakchi texnologik kompaniyalari bilan hamkorlik qilish koʻzda tutilmoqda. Qurilish ishlarini 2028-yilda boshlash moʻljallangan.
Taqdimot davomida loyihalarning iqtisodiy samaradorligi, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatlaridan toʻliq foydalanish hamda yuqori sifatli va raqobatbardosh neft mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.









