Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 26-oktabr kuni energetika bozori regulyatori faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Mamlakat energetika sohasi bosqichma-bosqich isloh qilib kelinmoqda. Birinchi bosqichda boshqaruv tizimi o‘zgartirildi. So‘nggi yillarda 22 ta elektr stansiyasi, jumladan, ilgari generatsiya bo‘lmagan viloyatlarda yangi stansiyalar ishga tushirildi. Elektr generatsiyasi tizimiga ilk bor xususiy kapital jalb qilinmoqda.
Hozirgi kunda jami quvvatlar 85 milliard kilovatt soatga yetgan. Kelgusi yillarda yana 20 gigavattlik quvvatlarni ishga tushirish mo‘ljallangan. Yetti milliard dollar xususiy sarmoya evaziga 9 gigavatt quvvat yaratish rejalashtirilgan.
Jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot va aholining o‘sib borayotgan talabini qondirish uchun elektr ishlab chiqarish hajmini kamida 120 milliard kilovatt soatga yetkazish maqsad qilingan. Yangi quvvatlarni ishga tushirish va tarmoqlarni to‘liq modernizatsiyalashga 52 milliard dollar investitsiya zarurligi hisob-kitob qilingan.
Bunday katta hajmdagi investitsiyalarni xususiy sektor ishtirokisiz shakllantirib bo‘lmaydi. Sohaning xususiy investorlar uchun jozibadorligini oshirish uchun esa, xalqaro tajriba ko‘rsatganidek, eng avvalo, ochiq raqobat muhitiga ega energetika bozorini yaratish kerak.
Ayni shu maqsadlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 28 sentyabrdagi “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan.
Unga ko‘ra, 2026-yilga borib, elektr energiyasi talab va taklif asosida shakllanadigan erkin, ulgurji bozor ishga tushadi. Shu bilan birga, normativ-huquqiy bazani shakllantirish, bozor infratuzilmasini yaratish, energetika tizimini eng quyi bo‘g‘iniga qadar raqamlashtirish, inson omilisiz real vaqtda ishlaydigan aqlli boshqaruv tizimini (SCADA) joriy etish zarur.
Ko‘plab davlatlarda bu islohotlar uchun 15 yil vaqt ketgan. O'zbekistonda buni uch bosqichda, 2030-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.
Shu bois, farmonga muvofiq, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tuzildi hamda unga energoregulyator vazifasi yuklatildi.
Taqdimotda energetika vaziri J.Mirzamahmudov farmonda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish muddatlari va sohadagi rejalar haqida axborot berdi.
Davlat rahbari mutasaddilarga respublikani elektr bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi. Bunda, erkin energetika bozoriga o‘tishning asosiy sharti mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan talabni to‘liq ta’minlash uchun yetarli generatsiya quvvatlarini yaratish ekani alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, yagona elektr savdosi platformasini yaratish va 2024-yil yakuniga qadar uni sinovdan o‘tkazib, ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Prezident energetika bozorini erkinlashtirish jarayonida elektr energiyasini aholiga respublikaning barcha hududlarida 2035 yilga qadar bir xil narxda sotilishi talabiga hamda tariflarni belgilashda ijtimoiy himoya prinsipiga qat’iy rioya etish shartligini ta’kidladi.
Yangi tizim samarali ishlashi uchun uchta yo‘nalish – kadrlar tayyorlash, tarmoqning ilm-fan bilan uzviyligini ta’minlash va raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Bunday kompleks ishlash tartibini markazdan tortib hududlargacha tatbiq etish topshirildi.
Shu bois agentlikka bilimli mutaxassis va xorijiy konsultantlar ishga olinadi. Xodimlar Ispaniya, Xitoy, Turkiya va Germaniyaga malaka oshirishga yuboriladi. Xorijiy tajriba asosida yurtimizda ham muhandis, dispetcher, SCADA operatori va boshqa mutaxassislarni tayyorlash uchun o‘quv kurslari tashkil qilinadi.
Taqdimotda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan soha mas’ullariga qator topshiriqlar berildi.