O‘zbekiston hukumati matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni baholaydigan xorijiy tashkilotlar va ekspertlarni mamlakatga chaqirgan, ammo ular bu takliflarga rozilik bermagan. Bu haqda Toshkentda bo‘layotgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida 19-oktabr kuni AOKA direktori Asadjon Xodjayev OAV vakillariga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston 2023-yilgi o‘rnidan 11 pog‘ona pastlab, 2024-yil 180 ta davlat orasida 148-o‘rinni egalladi. Mamlakatda OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “murakkab”dan “juda jiddiy” bosqichga o‘tganligi haqida xabar berilgan edi.
Asadjon Xodjayev oxirgi yillarda O‘zbekistondagi so‘z va matbuot erkinligi xalqaro tashkilotlar reytingida past baholanayotgani, bu davlat va jamiyat rivojlanishida qanchalik xatarli ekanligi haqidagi savollarga javob qaytardi:
“So‘z erkinligiga xorijiy tashkilotlar tomonidan bunday baho berilishini har doim ham obyektiv, deb aytolmayman. Chunki ular faqat tashqarida [turib], chop etilgan turli materiallar orqali o‘zlarining fikrini shakllantiradi. Biz shunday baho beradigan tashkilotlar va ekspertlarni O‘zbekistonga chaqirganmiz. Afsuski, bizning takliflarimizni qabul qilishmadi. Agar ular O‘zbekistonga kelib, bu yerda shu muhitni sezib, mutasaddi idoralar va jurnalistlar hamjamiyati bilan uchrashib hamda o‘zlarining so‘rovnomalarini kengroq holda O‘zbekiston ichida tatbiq etib, o‘rganish qilganida, o‘ylaymanki, berilgan baholar boshqacha bo‘lardi”, — dedi Xodjayev.
Jurnalistning “O‘zingiz O‘zbekistondagi hozirgi so‘z va matbuot erkinligini qanday baholaysiz? Senzura kuchayib borayotgandek…”, deya bergan savoliga Xodjayev quyidagicha javob berdi.
“Fikringizga qo‘shila olmayman, bu sizning bildirgan shaxsiy fikringiz. Bizda ketma-ketlik bilan barcha yo‘nalishlarda erkinlashtirish, liberallashtirish hamda demokratiya ishlari amalga oshirilyapti. Shu jumladan, ommaviy axborot vositalari hamda so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi qonunchilik… O‘ndan ziyod qonunlar qabul qilindi hamda bu borada haqorat va tuhmat uchun jazo yengillashtirildi”, — dedi AOKA direktori.
“Bundan tashqari, hozir davlat organlarining ochiqligini ta’minlamaslik bo‘yicha ham javobgarlik belgilandi. Shuningdek, jurnalist faoliyatiga aralashishni cheklash bo‘yicha tegishli qonunchilikka o‘zgartishlar tayyorladik. Bularning hammasi ko‘rsatyaptiki, siz tomonidan aytilgan gaplar siz bildirgan fikr bo‘lib qolyapti, lekin amaliyot sal boshqacharoq”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda blogerlarning ma’lum qismida huquqiy savodxonlik yetarli darajada emas, shu sababli ham AOKA xorijiy tashkilotlar bilan birga treninglar o‘tkazishni ko‘paytirishni rejalashtirgan.
“Albatta, hozir bizdagi media makon katta, axborot subyektlari soni ham oshib boryapti. Eng katta masala shuki, bir tomondan ularning huquqiy savodxonligini ta’minlash. Chunki hamma ham u yo bu joyda o‘qib, axborot texnologiyalari yordamida katta auditoriyaga chiqib, to‘g‘ri axborot berish bo‘yicha o‘qimagan va buni bilmagan. Biz agar tegishli huquqiy bilimlarni beradigan bo‘lsak, ular ma’lumotni to‘g‘ri, xolis berishni hamda ma’lumot manbalarini tekshirishni o‘rganishadi”, — dedi AOKA direktori.
“Afsuski, bizda ko‘pchilik, ayniqsa, blogerlarning ko‘pi mana shu jihatlarini hali to‘liq va yaxshi bilmaydi. Bu bizning muammo, biz ko‘proq o‘rgatishimiz kerak bo‘ladi. Shuning uchun nodavlat-notijorat tashkilotlari bilan birgalikda turli seminar-treninglarni tashkil qilyapmiz. Lekin bular baribir yetarli emas. Shu sababli ham YUNESKO va boshqa xorijiy tashkilotlar hamkorligida mediasavodxonlik kurslarini tashkil etib, hammaga o‘rgatib berishimiz kerak. Muammo shuki, ko‘pchilik bilmasdan qonunchilikni buzib qo‘yish holatlari bo‘lyapti. Shu masala bo‘yicha birgalikda ko‘proq harakat qilib, ishlaydigan bo‘lsak, yaxshi natijalarga erishamiz”, — dedi Asadjon Xodjayev.