Yangi taraqqiyot banki (YATB) va O‘zbekiston hukumati past uglerodli energetikani rivojlantirish loyihasining birinchi bosqichini moliyalashtirish uchun 300 mln dollar miqdorida kredit ajratish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Bu haqda bank saytida xabar berildi.
Kredit O‘zbekistonda quyosh, shamol, gidro va atom energetikasi sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
“Past uglerodli energetika sektorini rivojlantirish loyihasi O‘zbekistonning tez sur’atlarda o‘sib borayotgan talabni qondirish uchun past uglerodli energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi”, — deyiladi xabarda.
Loyihani amalga oshirish mamlakatning tabiiy gazga yuqori darajadagi qaramligini kamaytirish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash, shuningdek, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha milliy iqlim majburiyatlarini bajarish imkonini beradi, deya qayd etdi YATB. Loyihani O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi muvofiqlashtiradi.











