Zamonaviy dunyoda korxonalar samaradorligini va raqobatbardoshligini oshirish uchun avtomatlashtirish texnologiyalariga tayanishi muhim ekanligi shubhasiz. O‘zbekiston korxonalari ham bu yo‘nalishda izchil rivojlanib bormoqda. Xususan, mahalliy korxonalar jarayonlarni tezlashtirish va xatolarni minimallashtirish maqsadida turli xil raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etib, o’z unumdorliginiyaxshilashga intilmoqda.
Bu vositalar ichida ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatizatsiya qilish, ma'lumotlarni boshqarish tizimlari va biznes jarayonlarini yaxshilashga qaratilgan usullar alohida o‘rin egallaydi. Misol uchun, ma'lumotlarni boshqarish dasturlari(DBMS) korxonalarga ma'lumotlarni oqilona boshqarishga yo’l ochadi, SCADA platformasi esa uskunalar holatini kuzatish va jarayonlarni real vaqt rejimida nazorat qilishni ta’minlaydi. Bulutli platformalar masofaviy boshqaruvni soddalashtirsa, IoT texnologiyalari uskunalarni bir-biriga ulab, ularning ishlash jarayonini doimiy ravishda monitoring qilish imkonini yaratadi.Ammo bu vositalarning barchasini yagona elektron majmuada birlashtirish va markazlashtirishda ERP, ya’ni Enterprise Resource Planning tizimlari hal qiluvchi ahamiyatga ega
ERP tizimlari, turli bo‘limlar o‘rtasidagi jarayonlarni muvofiqlashtirib, resurslarni to’g’ri boshqarish va korxona faoliyatini optimallashtirishga sharoit yaratadi. Dunyo bo‘ylab ko‘plab yirik korxonalar, jumladan, Toyota o’z ERP dasturi orqali ta’minot zanjirini optimallashtirishga muvaffaq bo‘lgan, bu esa ishlab chiqarish jarayonlarining tezligi va ko’rsatkichlarini oshirishga yordam bergan. Yana bir yorqin misol bu - Coca-Cola korporatsiyasi ERP joriy qilish orqali global miqyosdagi moliyaviy ma’lumotlarni yagona platformada birlashtirib, hisobotlarni aniqlik va tezlik bilan taqdim etish qulayligini qo‘lga kiritgani.
Ta’minot zanjirining global gegemoni hisoblangan Amazon esa, ERP tizimini unumli tatbiq etish orqali logistika jarayonlarini mahorat bilan boshqarib, mahsulot yetkazib berish tezligini keskin oshirgan va mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatishda yangi marralarni zabt etgan. Ushbu misollar, albatta, ERP tizimlarining turli sohalarda qanday katta afzalliklar namoyish qilishni va korxona natijadorligini keyingidarajaga olib chiqishdagi hal qiluvchi o’rnini aniq aks ettiradi.
ERP dasturlarni ishlab chiqaruvchilarni tahlil qilish davomida, global miqyosda ko‘plab yetakchi korxonalar ushbutizimlari bo‘yicha innovatsion yechimlarni taklif etayotganini kuzatish mumkin.
Masalan, SAP korxonasi ishlab chiqarish, moliya va ta’minot zanjiri kabi sohalar uchun keng qamrovli mahsulot yaratib, unibozorga olib chiqdi. Oracle esa o’z ERP tizimi orqali moliyaviy boshqaruv va ta’minot jarayonlarini boshqarish xizmatlarini taqdim etib kelmoqda. Microsoft Dynamics turli sanoat tarmoqlarida biznes jarayonlarini optimallashtirishga yo‘naltirilgan ERP yechimlari bilan ajralib turadi. Infor esa ishlab chiqarish va chakana savdo kabi maxsus sohalarga moslashtirilgan ERP tizimlari bilan tanilgan. Umuman olganda, bu kabi dasturlarni mahorat bilan ishlab chiqarayotgan bir nechta yetakchi korxonalar mavjud bo‘lib, mijozlar o‘z biznes faoliyatiga mos ravishda yechimni tanlash uchun keng resurslarga ega.Shuningdek, O‘zbekistonda ERP tizimlarining jadal sur’atlar bilan tatbiq etilayotganini alohida ta’kidlash lozim. Angelsey Food va UzAuto Motors esa SAPning murakkab ERP dasturini yuqori darajada o‘z faoliyatiga integratsiya qilib, jarayonlarini zamonaviylashtirishda yorqin namuna sifatida ajralib turmoqda. Ushbu qarorlar ortidagi asosiy haqiqat shuki, raqamli ERP yechimlarisiz, bu kabi istiqbolli korxonalar uchun o‘sish va rivojlanish imkoniyatlari deyarli yo‘qqa chiqadi.Qolaversa, raqamli boshqaruv tizimlarini nafaqat yirik sanoat korxonalari, balki o‘rta miqyosdagi mahalliy bizneslar ham muvaffaqiyatli amalga oshirib, o‘zlarini raqobatda yanada kuchliroq pozitsiyada qo‘yishmoqda. Bunga misol sifatida O‘zbekiston bozorida keng tarqalgan 1C dasturini keltirish mumkin.
Ushbu dastur ko‘plab o‘rta miqyosdagi korxonalar tomonidan ish jarayonlarini optimallashtirish maqsadida joriy etilib, ularning kundalik faoliyatini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qilmoqda. Bu tizimning keng qo‘llanilishi, o‘rta bizneslar uchun ilg’or boshqaruv vositalarining qanchalik muhim ekanini yaqqol namoyish etmoqda.
Yana bir ahamiyatli holat shundaki, O‘zbekiston bozorida ichki ERP platformalarini yaratishda korxonalar jadallashib, milliy mahsulotlarni bozorga katta ishonch va muvaffaqiyat bilan olib chiqishidir. Mazkur jarayonning yorqin misoli sifatida «tahsinERP» tizimini ko‘rsatish mumkin. Bu dastur O‘zbekistonda ishlab chiqilgan bo’lib, mahalliy bozorning o‘ziga xos talablariga moslashtirilgan.
Ushbu loyiha bilan bog‘liq shaxslar tomonidan aytilgan fikrlar e’tiborga loyiq bo‘lib, ularga alohida to‘xtalib o‘tish zarur. Xususan, O‘zbekistonda ta’minot zanjirini boshqarishda dastlabkilar qatorida ish boshlagan «Taminot Tizimi» MChJ konsalting korxonasining direktori Xojiabror Mahmudov shunday deydi:
“O‘zbekistonda sanoat ehtiyojlariga moslashgan ERP tizimlarining mahalliylashtirilishi ijobiy tendensiyaga aylanmoqda. Milliy platformalarni joriy etish, ko‘pincha xorijiy tayyor dasturlarni moslashtirishdan ko‘ra samaraliroq bo‘ladi. Chunki ular mamlakatimizdagi tuzilmaviy, huquqiy va ish jarayonlariga xos xususiyatlarni inobatga oladi. Qolaversa, ushbu mahalliy ERP dasturlarini tatbiq etishning narxi, xorijiy platformalarga qaraganda hatto o‘n baravar arzon bo‘lishi bilan ham e’tiborga loyiqdir.
Bunga misol sifatida bizning yangi mahsulotimiz — «tahsinERP» tizimini keltirish mumkin. Ushbu dastur mahalliy sanoatning asosiy muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ta’minot tizimini effektiv tashkil qilishga yordam beradi. Masalan, ushbu mahsulotimizda yetkazib beruvchilar bilan munosabatlarni tashkillashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini va mijozlar bilan munosabatlarni boshqarish kabi modullar mavjud bo‘lib, ular korxonaning ta’minot zanjiri bilan bog‘liq asosiy qismlarda tegishli manfaatdor tomonlar va jarayonlarni nazorat qilishni osonlashtiradi. Bu tizim ko‘plab hujjatlarni elektron shaklda saqlash va bir platformada kuzatish imkoniyatini beradi. Masalan, oddiygina tugma bosish orqali siz materiallar ro‘yxati, sifat hisoboti, shartnomalar, fakturalar, savdo va moliyaviy tahlillar hamda boshqa zarur hujjat va jarayonlarni ko‘rishingiz mumkin.Ushbu sharoitlar korxona rahbarlari uchun nihoyatda qadrli bo‘lib, men rahbar sifatida buni to‘liq ishonch bilan tasdiqlay olaman. Ayniqsa, ERP tizimi har bir xodimni o‘z ish samaradorligini sezilarli darajada oshirishga undaydi, bu esa korxona muvaffaqiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.”
Shuningdek, Wisconsin – Madison Universitetida Ta’minot Zanjirini boshqarish yo‘nalishida MBA darajasiga ega bo‘lgan ta’minot zanjiri mutaxassisi va O‘zbekistonda «Taminot Tizimi» MChJ konsalting korxonasining strategik maslahatchisi Sohibxon Salixovning ushbu loyihaga bahosi quyidagicha:
“O’zbekiston ichki bozordagi ERP tizimlariga oid transformatsion jarayonlar korxonalar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, ularning mahsuldorligini oshirishda muhim o’rin egallagan.
Mahalliy bozorga moslashtirilgan tahsinERP tizimi esa bu borada alohida e’tiborga loyiqdir. Ushbu dasturni ishlab chiqishda biznesdagi turli jihatlarni qamrab olishga katta e'tibor qaratdik. Qolaversa, hozirgi ta’minot zanjiri yo’nalishida xavflarni boshqarish, ya’ni risk management, eng zarur omillardan biri sifatida qaraladi. Shu nuqtai nazardan, menimcha, ushbu ERP platformasining eng katta afzalliklaridan biri bu sun’iy intellekt (AI) bilan integratsiya qilinganidir. Xususan, biz platformani bozor va korxonaning ichki jarayonlaridagi o‘zgarishlarni kuzatishga moslashtirib, turli sharoitlar va xavflarga javoban zarur ogohlantirishlarni taqdim etishi, shuningdek, ishlab chiqarish, rejalashtirish va shartnomalar tuzishda kerakli tavsiyalar berishi uchun loyihalashtirdik.
Shuning uchun, bu tizim xuddi qo‘shimcha konsultantlar yollangandek, korxonadagi operatsion jarayonlarning samarasini kengaytirishda yordam beradi.
Umuman olganda, ERP tizimlarining ahamiyati faqat ishlab chiqarish, moliyaviy boshqaruv va ta’minot zanjirini optimallashtirish bilan cheklanib qolmaydi. Bu tizimlar shuningdek, ma'lumotlarni yagona platformada markazlashtirish orqali tezkor va asosli qarorlar qabul qilish imkoniyatini yaratadi. Bu esa korxonalarga tez o‘zgaruvchan bozor sharoitlariga moslashish, resurslarni to‘g‘ri taqsimlash va uzoq muddatli barqarorlikka erishishda dolzarb yordamchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. TahsinERP kabi dasturlarning tatbiq etilishi korxonalar uchun nafaqat bugungi kunda, balki kelajakda ham barqaror boshqaruv va raqobatbardoshlikni ta’minlaydigan strategik investitsiya bo‘lib, bu ularning doimiy rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.”
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning raqamli platformalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlari mamlakat iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar ochib bermoqda. Bu tendensiyalar, shubhasiz, nafaqat korxonalarning natijalarini sezilarli darajada oshiradi, balki sanoat tarmoqlari va butun mamlakat rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, bu jarayonda ERP tizimlari alohida o’rin tutib, O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonini faollashtirishga xizmat qilishi mumkin.
Material muallifi:
Iroda Farhodova jurnalist